Samarqand viloyatida "Intellektual mulk muhofazasi " mavzusida seminar

24.10.2019

2019 yil 24 oktabr kuni Samarqand viloyatlarida adliya boshqarmasi katta majlislar zalida O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda hududiy adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda "Intellektual mulk muhofazasi va himoyasi" mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Seminarda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi mas'ul xodimlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari jami 160 nafar ishtirokchi qatnashdilar. Tadbirning asosiy maqsadi aholi o'rtasida intellektual mulk ob'ektlariga nisbatan hurmat hissini oshirish, huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda ushbu sohani takomillashtirishga mas'ul bo'lgan davlat organlarining o'rni va roli haqida ma'lumot berishga qaratildi.

Seminarda Intellektual mulk agentligi va Intellektual mulk agentligi qoshidagi Intellektual mulk konsultativ markazi mutaxassislari tomonidan mavzuga oid ma'ruzalar va prezentasiyalar qilindi. Seminar davomida jamiyatda intellektual mulk ob'ektlariga bo'lgan huquqqa nisbatan hurmat bilan qarash madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tushunchalar berildi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasida intellektual mulk huquqini muhofaza qilish bo'yicha vakolatli davlat organlari hamda boshqa sub'ektlarning huquq va majburiyatlari bo'yicha masalalar muhokama qilindi.

Tadbir so'ngida Intellektual mulk agentligi tomonidan ishtirokchilarga intellektual mulk sohasidagi tarqatma materiallar, bukletlar tarqatildi. Seminar qizg'in savol-javoblar asosida, konstruktiv ruhda o'tdi.

_