"Intellektual mulkni baholash va tijoratlashtirish" mavzuidagi Milliy seminar-trening o'z ishini yakunladi

Intellektual mulk agentligi (Agentlik) Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Intellektual mulkni baholash va tijoratlashtirish" mavzuidagi Milliy seminar-treningi o'z ishini yakunladi.

Seminar ishida sertifikatlarga ega baholovchilar, yuristlar, auditorlar, Toshkent shahridagi texnoparklar va innovasion markazlarning mutaxassislari, texnologiyalar va innovasiyalarni qo'llab-quvvatlash markazlarining vakillari, patentshunoslar va respublika oliy o'quv muassasalarining ilmiy xodimlari qatnashdilar.

Respublikamiz rahbariyati tomonidan qabul qilinayotgan bir qator qarorlarga muvofiq intellektual mulk ob'ektlarini tijoratlashtirish va transfer texnologiyalari bo'yicha amaliy tajribaga ega bo'lgan xorijiy tashkilotlar va BIMT bilan hamkorlikda milliy mutaxassislarni ushb u yo'nalishda malakalarini oshirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etish belgilab qo'yilgan edi.

Aynan mazkur seminarni o'tkazishdan ko'zlanayotgan maqsad ham intellektual mulk ob'ektlari (IMO)ni xalqaro baholash tajribasi bilan tanishish, O'zbekiston Respublikasida IMOni baholash holati va amaliyotini hamda IMOni tijoratlashtirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning natijalarini tahlil qilish, IMOni baholash va tijoratlashtirishni normativ-huquqiy jihatdan tartibga solishni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Ushbu Seminarda BIMT vakillari va IMOni baholash va tijoratlashtirish sohasida ish olib boradigan mahalliy mutaxassislar tomonidan ma'ruzalar qilindi.

Jumladan, BIMTning Kichik va o'rta korxonalar va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'limi maslahatchisi Olga Spasichning taqdimoti ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalarida nomoddiy aktivlarni baholash hamda intellektual mulkni tadqiqotlar natijalarini boshqarish vositasi sifatida baholashga bag'ishlandi. Qimmatli nomoddiy aktivlarni qanday baholash kerak, nomoddiy aktivlarni sifat jihatdan baholashga qaratilgan turli yondoshuvlardan foydalanib darajalarga qanday ajratish kerak degan savollarga batafsil javob olindi. Baholash modellari va ularga misollar ko'rib chiqildi, shuningdek seminar qatnashchilariga BIMTning intellektual mulkni baholash bo'yicha qo'llanmasi (WIPO IP valuation guide) taqdim etildi.

Seminarda yana bir xorijlik mutaxassis Turkiyaning Intellektual mulk va innovasiyalarni boshqarish bo'yicha konsultasion firmasining boshqaruvchi partneri Omer Xiziroglu tomonidan "Intellektual mulk va ilmiy bilimlarni tadqiqotlar bo'yicha hamkorlik nuqtai nazaridan baholash tarixi" nomli ma'ruza qilindi.

Shuningdek, Agentlikning "IP-Center" O'quv markazi eksperti Iskandar Abduraxmanovning taqdimoti intellektual mulk ob'ektlari (IMO)ni milliy baholash tarixiga bag'ishlandi. Taqdimotda IMOni baholash bo'yicha mavjud normativ-huquqiy baza va baholash metodologiyasi, ju jumladan Milliy baholash standartlari hamda ularning Xalqaro baholash standartlariga (2017) muvofiqligi masalalari yoritib berildi. Taqdimotda, shuningdek IMOni baholash metodologisi bilan bog'liq ayrim nazariy masalalardan tashqari, IMOning ixtirolar, EHM uchun dasturiy mahsulot, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari kabi turlarini baholash bo'yicha amaliy misollarga ham katta o'rin ajratildi.

Seminarning ikkinchi kuni ham xorijiy mutaxassislarning ma'ruzalari tinglandi. Bundan tashqari, shu kunning o'zida o'tkazilgan davra suhbatlari va amaliy mashg'ulotlar IMOni tijoratlashtirish bosqichida baholashga (bilimlar transferi) bag'ishlandi.

Seminar qatnashchilari guruhlarga bo'linib, trenerlar tomonidan o'tkazilgan amaliy mashg'ulotlarda IMOni baholash bo'yicha amaliy mashqalrni bajardilar. Ular ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta'lim muassasalarida Nomoddiy aktivlarni sifat jihatdan baholash uchun darajalar tizimi bo'yicha IMOni Baholash mezonlarini aniqlash va amalda qo'llashga bag'ishlangan amaliy mashqlarni bajardilar.

Mazkur tadbir barcha ishtirokchilar uchun juda foydali bo'ldi va intellektual mulkni baholash va tijoratlashtirish bo'yicha xorij tajribasini o'rganishga imkon berdi, bundan tashqari mutaxassislarning muammoli masalalari bo'yicha fikrlar bildirildi.