Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyati doirasida 1-Milliy anjuman bo‘lib o‘tdi

11.11.2022

2022-yil 11-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari (TIQQM)ning 1-Milliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu anjuman TIQQMlarining 5 yillik faoliyati yakunlari va kelgusida amalga oshirilishi mo‘ljallangan istiqboldagi loyiha-rejasini tuzib olishga bag‘ishlanadi.

Anjuman Adliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilib, unda oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning negizida tashkil etilgan TIQQMlarning 40 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.

Bunday markazlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad intellektual mulk sohasi bo‘yicha respublikamizning barcha hududlarida xorijiy va milliy patent ma’lumotlari va ilmiy-texnik ma’lumotlar yuzasidan xabardorlikni oshirish, ilmiy faoliyatni jonlantirish, intellektual faoliyat natijalarini yaratish bo‘yicha maslahat berish, ishlanmalar mualliflariga ularning ishlanmalarini tijoratlashtirishda patent ma’lumotlaridan foydalanishi uchun zarur ko‘nikmalar shakllantirish orqali ilmiy-texnik ishlanmalar samaradorligini oshirishga ko‘maklashish va jamiyatda intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish hisoblanadi.

Markazlar ilmiy-texnik ishlanmalar samaradorligini oshirishda, respublikamiz mintaqalarida intellektual mulk sohasiga oid konferensiyalar, o‘quv seminar-treninglarini o‘tkazish, ilmiy-metodik hamda axborot materiallarini tarqatish orqali jamiyatda intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish va ularni huquqiy muhofaza qilish masalalarini tashviqot qilish va ommalashtirish kabi belgilangan vazifalarni amalga oshiradi.

Anjuman doirasida ma’ruzachilar innovatsiyalar sohasida patent ma’lumotlarini tarqatish va ulardan foydalanishning ahamiyati, uning jamiyat, fan va biznesdagi o‘rni haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Taqdimotlar patent qidiruvi vositalari va qidiruv strategiyalarining umumiy ko‘rinishini hamda patent tasniflari va qidiruv tizimlari, xususan, BIMTning PatentScope qidiruv tizimi va EPTning Espacenet qidiruv tizimi bilan ishlashning amaliy misollarini o‘z ichiga oldi.

_