Surxondaryo viloyatida intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.

23.05.2024

Mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Intellektual mulkni rag‘batlantirishga doir normalar Asosiy qonunimizdan ham o‘rin olgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanib, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi va davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Joriy yilning 23-may kuni Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi "Intellektual mulk markazi" davlat muassasasi direktori B.Sagdullayev, Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i S.Raxmanov, Sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, geografik ko‘rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlari bo‘limi bosh maslahatchisi B.Abbasov hamda Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bosh maslahatchisi B.Mustafaqulovlar ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.

Ushbu sayyor qabulda tadbirkorlik subyektlari, manfaatdor shaxslar, mualliflar, hammualliflar bilan birga davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan o‘z faoliyatlari jarayonidagi mavjud muuammolar bo‘yicha berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shuningdek, intellektual mulk obyektlari bo‘yicha taqdim etilayotgan talabnomalar sifatini oshirish, xususan, talabnomalarni to‘g‘ri tuzish, topshirish, ular bo‘yicha ish yuritish masalalari bilan bog‘liq muammolar haqida fikrlar bildirildi hamda ularni ijobiy hal etish yuzasidan maslahatlar berish va amaliy ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birgalikda intellektual mulk obyektlari muhofazasini ta’minlash, ularni samarali himoya qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va amalga oshirish hamda bu yo‘nalishdagi amaliyotni takomillashtirish to‘g‘risida ham tushintirishlar berildi.

_