Xorazm viloyatida Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash markazi tashkil etildi

Joriy yilning 22 iyunida Urganch davlat universitetida muassasa rahbariyatining Intellektual mulk agentligi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Uchrashuvda universitet bazasida Texnologiyalar va innovatsiyalarni qoʼllab-quvvatlash markazini tashkil etish masalasi muhokama etildi. Delegatsiya tashrifi doirasida TIQQMni tashkil etish toʼgʼrisidagi Nizom, Markaz faoliyatini tashkil etish va taʼminlash boʼyicha chora-tadbirlar roʼyxati va «IP-CENTER – intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʼyicha oʼquv markazi» hamda Urganch davlat universiteti oʼrtasida hamkorlik toʼgʼrisida Bitim imzolandi.

Shuningdek, Urganch davlat universitetida “Oʼzbekistonda intellektual mulk obʼektlarining huquqiy muhofazasi” mavzusida seminar boʼlib oʼtdi. Seminar ishida hududiy davlat va xoʼjalik boshqaruvi idoralari vakillari, tadbirkorlar, shuningdek, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining professor-oʼqituvchilar tarkiblari qatnashdilar. Seminarda «IP-CENTER» DUK vakili tomonidan intellektual mulk obʼektlarining patentga layoqatliligi, talabnomalarning mazmuni va topshirish tartiblari, huquqiy muhofazaning taqdim etilish shartlari toʼgʼrisida maʼruza qilindi. Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan Аgentlik vakillariga mavzu doirasida va Аgentlik faoliyati yuzasidan turli savollar berildi.

Seminarda “IP-Center” DUK oʼquv markazining mutaxassislari seminar ishtirokchilariga patent-axborot qidiruvini amalga oshirish, patent hujjatlari bilan ishlash usullari va ularning afzalliklari, qidiruvni amalga oshirish uchun patent bazasini tanlash va patent qidiruvining turlari haqida batafsil axborot berdilar.

Seminar yakunida uning barcha ishtirokichlariga intellektual mulk sohasiga doir mavzulardagi axborotlar jamlangan bukletlar va tarqatma materiallar topshirildi.

__________