MUАLLIFLIK HUQUQI OBYEKTLARI

Asosiy tushunchalar:

muallif – ijodiy mehnati bilan asar yaratgan jismoniy shaxs;

huquq egasi – mualliflik huquqiga nisbatan muallif yoki uning merosxo‘rlari, shuningdek asarlardan foydalanish huquqini olgan boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslar;

talabnoma topshiruvchi – deponentlash uchun ariza topshirgan huquq egasi yoki uning vakili;

deponentlashtirish – asarlar va turdosh huquqlar obyektlarini saqlov joyida (depozitariyda) saqlanishini amalga oshirish;

depozitariy – mualliflik huquqi obyektlarini hisobga olish va saqlash bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar.

Deponentlash uchun materiallarni tayyorlash, Guvohnomani rasmiylashtirish va berish, «Intellektual mulk konsultativ markazi» Davlat unitar korxonasida (keyingi o‘rinlarda - «Intellektual mulk konsultativ markazi» DUK) depozitariyga qabul qilingan mualliflik huquqi obyektlarining maʼlumotlar bazasini (keyingi o‘rinlarda – maʼlumotlar bazasi) yaratish bilan bog‘liq barcha ishlar mualliflik huquqi obyektlarini deponentlash, xizmatlar ko‘rsatish va maslahat berish bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Maʼlumotlar bazasiga mualliflik huquqi obyektlari mualliflari, yaratilgan obyekt to‘g‘risidagi maʼlumotlar, jumladan, uning ko‘rinishi, nomlanishi, yaratilgan sanasi, ro‘yxatdan o‘tkazilgan tartib raqami kiritiladi.

 Mualliflik huquqi obyektlarini deponentlash muallif (uning vakili) arizasi asosida amalga oshiriladi.