Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi delligatsiyasi ishtirokida Farg‘ona viloyatida sayyor qabul o‘tkazildi.

20.02.2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4965-son qarorining ijrosini ta’minlash yuzasidan Intellektual mulk markazi rahbariyati va bir qator tajribali mutaxassislari ishtirokida joriy yilning 20-fevral kuni Farg‘ona viloyatida Intellektual mulk bilan bog‘liq sayyor qabul o‘tkazildi. Tadbirda "Intellektual mulk markazi" davlat muassasasi tomonidan markaz direktori o‘rinbosari M.Mansurov, TIQQMlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘lim boshlig‘i S.Raxmanov, Ixtiro va foydali modellar bo‘lim boshlig‘i I.Abduqodirov, Tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari bo‘lim boshlig‘i S. Abdullayev va Ish faoliyatini tashkillashtirish va nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i E.Nishonovlar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida“Ixtiro va foydali modelga talabnoma tayyorlash”, “Xorijda patentlash amaliyoti”, “Mintaqaviy brendlarni rivojlantirish”, “Kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining huquqiy oqibatlari” kabi mavzularda ma’lumotlar berib o‘tildi. Shu bilan birga tadbirga tashrif buyurgan tadbirkorlik subyektlari, ixtirochilar va boshqa manfaatdor shaxslarga shu joyning o‘zida mavjud bo‘lgan muammolarini yechishda individual holda yondoshib amaliy ko‘mak berildi. Xususan, talabnoma hujjatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha yordam berildi, ishlab chiqaruvchi-tadbirkorlar mahsulotlarining tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, patentga layoqatlilik shartlari bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi, tuzilgan talabnoma materiallaridagi kamchiliklarni aniqlab bartaraf etildi va bir nechta tashrif buyurganlarga shu yerni o‘zida talabnomalarni onlayn tarzda topshirishda ko‘maklashildi. Aytib o‘tish joizki, respublikamizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar ommani intellektual mulk sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, intellektual salohiyatini boyitishga, manfaatdor shaxslarning mavjud muammolarini joylarda bartaraf etishga yordam berayotganligini ko‘rish mumkin.

_