Urganch davlat universitetida Intellektual mulk sohasi bo‘yicha navbatdagi seminar tashkil etildi.

02.04.2024

Milliy va xalqaro tajribadan ma’lumki, iqtisodiyot va jamiyatning taraqqiyot darajasi ko‘p jihatdan intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha yaxshi rivojlangan va izchil yo‘lga qo‘yilgan tizimga bog‘liq. Zero, iqtisodiyotdagi samaradorlik ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalar va ixtirolarning joriy etilishi evaziga oshadi. Shu bois, bugungi kunda intellektual mulk har bir mamlakat iqtisodiyotining muhim qismiga aylangan. Intellektual mulkning taraqqiy etishi o‘z navbatida, iqtisodiyotga sarmoyalar kiritilishiga, innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi esa xalq xo‘jaligining modernizatsiyalashuviga hissa qo‘shadi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda intellektual mulkni rivojlantirish va uni huquqiy himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 2-aprel kuni “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi direktori B.Sagdullayev, TIQQMlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i S.Raxmanov, Tashkiliy nazorat bo‘limi boshlig‘i E.Nishonov, Sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, geografik ko‘rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlari bo‘limi bosh maslahatchisi B.Abbasov hamda Xorazm viloyat Adliya boshqarmasi vakili L.Yusupovlar ishtirokida Urganch davlat universitetida davra suhbati tarzida seminar o‘tkazildi. Seminar davomida intellektual mulk obektlarini huquqiy himoya qilish, muhofaza hujjati – patent mohiyati va ahamiyati, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar bo‘yicha har tomonlama foydali bo‘lgan axborot berildi.

_